A- A A+

Press-konferensiya

“Olmaliq KMK" AJ korxonalarida modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari

on .

Avval xabar berganimizdek, bugun OKMK Axborot xizmati tomonidan mamlakatimiz OAV vakillari uchun xuddi shu mavzusida press-tur tashkil etildi.

Press-turda 25dan oshiq yurtimiz axborot maydonida faoliyat yuritib kelayotgan gazetalar, veb saytlar, radiokanallar jurnalistlari, tashkilotlar axborot xizmatlari xodimlari va blogerlar ishtirok etishdi.

Press-tur doirasida dastlab OAV vakillari kombinat muzeyini tomosha qilishdi. Shundan so’ng, kombinat faoliyatini aks ettiruvchi videorolik namoyish etildi. OKMK boshqaruvi raisining xodimlar bo’yicha o’rinbosari Azimjon Mirzajonov so’z olib, murakkab pandemiya sharoitida ham kombinat tomonidan bir zum bo’lsa ham ishlab chiqarish jarayoni to’xtamayotganligini, har bir ishchi-xodim salomatligini saqlash borasida qat’iy chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligini ta’kidladi.

“Olmaliq KMK” AJ Investitsiyalar departamenti boshlig’i Kamoliddin Salimov kombinatda amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar to’g’risida tadbir ishtirokchilarini xabardor qilar ekan, quyidagi ma’lumotlarni taqdim etdi. “Olmaliq KMK” AJ asosiy ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va barqarorlashtirish dasturi”iga ko’ra, 2019-2022 yillarda Mis boyitish fabrikasi, Mis eritish va Rux zavodlari quvvatlarini modernizatsiya qilish va yangilash ishlariga 357,5 million AQSH dollari sarflanishi ko’zda tutilgan. Hozirgi kunda ushbu ob’yektlarda ta’mirlash va tiklash, qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda.

So’ngra, press-tur dasturiga ko’ra, jurnalist va blogerlar kombinat texnologik ishlab chiqarish zanjiridagi asosiy bo’g’in – Mis boyitish fabrikasiga tashrif buyurishdi. Bugungi kunda MBFda flotokameralardagi jismonan va ma’nan eskirgan aeratsion uzellar zamonaviysiga almashtirilishi evaziga ruda tarkibidan mis ajratib olish darajasi 75 foizdan 84 foizga yetkazildi. Kon-boyitish va metallurgiya sanoati korxonalariga texnik yechimlar taqdim etish bo’yicha jahondagi yetakchi xorijiy kompaniya “Outotec” tomonidan “Larox PF60 132/140” press-filtrlarini o’rnatish ishlari yakunlanganidan so’ng, yirik miqdorda tabiiy gaz sarfini iqtisod qilishga erishiladi. Amerikaning “DERRICK Corporation” kompaniyasining zamonaviy yuqori chastotali g’alvirlash tizimlarini o’rnatilishi evaziga ishlab chiqarish ko’rsatkichlarining ijobiy o’sishi ta’minlanmoqda.

Boyitish jarayonlarida ruda tarkibidagi oltinni ajratib olish samaradorligini yanada oshirish maqsadida Daniyaning “FLSmidth” transmilliy kompaniyasida ishlab chiqarilgan markazga intiluvchi kontsentratorlari olib kelinishi rejalashtirilgan.

Shu bilan birga MBFda Yanchish va flotatsiyalash sexiga yangi tegirmonlar (6 metrlik 2 dona MSHR 4,5x6,0 va MSHTS 4,5x6,0) qurilishi ko’zda tutilgan. Boyitish jarayonida muhim ahamiyatga ega bo’lgan 5 ta quyultirgichlar (sgustitel) almashtiriladi. Ishlayotgan 1 tasi esa modernizatsiya qilinadi. Yanchish bo’limida 24 dona nasos-gidrosiklonlar yangi avtomatlashtirilgan nasos-gidrosiklonlarga almashtirilmoqda. Shu bilan birga, 2-maydalash va boyitish kompleksining yanchish bo’limidagi uskunalar ham zamonaviylariga almashtirilmoqda. Ma’lumki boyitish jarayonida, flotatsiya vaqtini uzaytirish maqsadga muvofiqdir. Shu bois fabrikada bugun 1-va 2-monoseksiyadagi flotomashinalar ham rekonstruksiya qilinib, qo’shimcha yangi 7-monoseksiya quriladi hamda 5-monoseksiyasiga qo’shimcha tarmoq biriktiriladi.

Press-turning navbatdagi manzili kombinat texnologik zanjirining so’nggi nuqtasi bo’lgan Mis eritish zavodi bo’ldi.

MEZda “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti tomonidan 40 ming tonnadan ziyod sulfat kislotasini saqlashga mo’ljallangan 5-Sulfat kislota sexida kislota ombori qurilmoqda. Qad rostlashi ko’zda tutilgan 8ta sig’imning 6 tasi yakunlangan. MEZning Havo taqsimlash sexida ham qayta jihozlash ishlari davom ettirilgan holda har birining quvvati 15 ming metr kubni tashkil qiluvchi “Hanwha” SM-6000 kompressorlari o’rnatilishiga muvaffaq bo’lindi. Ayni kunlarda mazkur sex sutkasiga 40 ming tonnagacha kislorod ishlab chiqarmoqda. Bugungi kunda ushbu kislorod ishlab chiqarish ehtiyojlaridan tashqari Respublikamizda koronavirus infeksiyasini davolashga ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalariga ham yetkazib berilmoqda.

Press-tur davomida OAV vakillari va blogerlar kombinatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari haqida batafsil tushunchaga ega bo’lishdi.

 Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech