A- A A+

Press-konferensiya

Nanotexnologiyalar va nodir metallar texnologiyasi – yaqin kelajak sohasi

on .

Bugun OKMK Axborot xizmati tomonidan “Nanotexnologiyalar va nodir metallar. Fan va ishlab chiqarish integratsiyasi. Ichkaridan nigoh” mavzusida Chirchiq shahrida press-tur tashkil etildi.

Press-turda “O’zbekiston-24” telekanali, “Qalampir.uz” “Qadriyat.uz” internet nashrlari, “Xalq so’zi”, “Toshkent haqiqati”, “Tashkentskaya pravda”, “Pravda Vostoka”, “Yangi O’zbekiston” gazetalari, “Biznez nyus” jurnali, “Mahalla”, “O’zbekiston-24” radiokanallari ijodiy xodimlari ishtirok etishdi.

OAV vakillari uchun dastlab, OKMK Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo’yicha ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi direktori Ilhom Asadov, birlashma direktorining fan bo’yicha o’rinbosari, O’zbek-Koreys ilmiy-texnologik markazi boshlig’i, texnika fanlari doktori, akademik  Eshmurod Pirmatovlar ishtirokida matbuot anjumani o’tkazildi. Unda birlashma tarixi, hozirgi faoliyati, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, texnologik ishlab chiqarish zanjiri, O’zbek-Koreys ilmiy-texnologik markaz haqida batafsil ma’lumot berildi. Va birlashma faoliyatini aks ettiruvchi videorolik ham namoyish etildi.

- Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo’yicha ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi 2016 yil avgust oyida “Olmaliq KMK” AJ  tarkibiga qo’shildi. Birlashma O’zKTJM (O’zbekiston qattiq qotishmali va qiyin eruvchan  metallar kombinati) ishlab  chiqarish bazasida nodir metallarni olish, ularni chuqur qayta ishlash va nodir metallar hamda qattiq qotishmalarni ishlab chiqarish bo’yicha yagona texnologik zanjirni ta’minlash maqsadida tashkil etilgan, - deydi I.Asadov. - Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarimizning 90% eksportga yo’naltiriladi. 2020 yilning yanvar-sentyabr holatiga mehnat jamoamiz tomonidan 129 mlrd so’mlik tovar mahsulotlari ishlab chiqarildi.

2019 yil aprel oyida Koreya davlatining KIRAM nodir metallar instituti bilan  hamkorlikda birinchi nodir metallar va qattiq qotishmalar O’zbek-Koreys ilmiy-texnologik markazining tantanali ochilish marosimi bo’lib o’tdi.

Markazning vazifasi  yuqori tozalikdagi metallar olish texnologiyasini ishlab chiqish uchun ilmiy-tadqiqot faoliyati, shu jumladan, o’ta sof metallar - molibden, reniy, volfram va boshqalarni olish texnologiyasini ishlab chiqish, yuqori qo’shimcha qiymatga ega bo’lgan tovarlar ishlab chiqarishni tashkil etish bilan ularni qayta ishlash, yangi mahsulotlar olish uchun tadqiqot faoliyatini olib borishdan iborat.

Press-tur ishtirokchilari O’zbek-Koreys ilmiy-texnologik markazi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Markazda ilg’or uskunalar va istiqbolli mahsulotlarning namoyishi o’tkazildi.

- Kuni kecha qishloq xo’jaligi texnikalari uchun jamlangan qattiq qotishmali payvandlanuvchi funksional gradiyentli materialdan tayyorlangan plastina ishlab chiqarildi, - deydi markazning Nanotexnologiyalar, kompozit va istiqbolli materiallar laboratoriyasi mudiri, ilg’or materialshunoslik va muhandislik fanlari doktori, yosh olim Amir Obidov. - Ilmiy izlanishlarimiz natijasida laboratoriya sharoitida volframli va mis nishonlar ishlab chiqarildi. Yana bir yangi mahsulotlarimiz – volfram va molibden nanokukunlari. Ushbu mahsulotlarimiz kombinat konlarida ishlatiladigan burg’ulash uskunalarining koronkalariga qo’shiladi. Bu zichlikni oshirib, bo’shliqni to’ldirib borib, material mustahkamligini ta’minlaydi.  Va koronkani uzoq muddat ishlashiga sabab bo’ladi.

Shuningdek, markazimizga yaqinda uskunalar olib kelinishining 3-bosqichi doirasida 3D texnologiyali printer ham keltiriladi. Ushbu printerning ishlash asosini nanokukunlar tashkil etadi. Biz ushbu printerga hozida xom-ashyo ham tayyorlayapmiz. Jahon bozorida 1 kg volfram 30 dollar tursa, nanokukun undan 10 baravar qimmat turadi. 250 grammlik nishonning bahosi esa 1000 dollarga boradi. Gamma nurlanishda tayyorlangan nishon esa undan ham qimmat. 3D texnologiyasi asosida jag’ yoki suyak implantlari tayyorlanadi. Zero, ularning ham bahosi yuqori. Yana bir yangi mahsulotimiz keramik nishonlar. Ushbu nishonlar rux oksidli, indiy, qalay oksidli qoplamalar olish uchun ishlatiladi. Bu bizda avval bo’lmagan. Bu yo’nalishda ilk qadamni qo’ydik. Ushbu qoplamalar smartfon, televizor, kompyuter ekranlarining yuza qismida foydalaniladi. Shaffof, tokni o’tkazuvchan qoplamalar svetodiodlar yonishi uchun zarur bo’ladi. Kombinatda indiy ishlab chiqarish yo’lga  qo’yildi. Biz qalay sotib olsak, indiy qalay oksidli nishon ishlab chiqarishni yo’lga qo’yamiz.

Press-turda jurnalistlar Koreya davlatining KIRAM nodir metallar instituti professori Kim Bum Sun bilan videokonferens aloqa orqali muloqot ham qilishdi.

Ayni paytda markazda faoliyat yuritib kelayotgan texnik kutubxonada 28000 dona metallurgiya bo’yicha yig’ma jildlar,  ilmiy ishlar, texnik adabiyotlar mavjud bo’lib, ushbu kutubxona ham OAV vakillarida katta taassurot qoldirdi.

OAV vakillarining press-tur doirasidagi so’nggi manzili markazning tajriba sinov tsexi bo’lib, ular markaz xodimlari tomonidan o’tkazilgan eksperimentlar bilan yaqindan tanishishdi.

Ushbu press-turda jurnalistlar mamlakatimiz sanoati va ishlab chiqarish salohiyatining yanada oshib borayotgani, ilmiy-tadqiqotlar ko’lami kengayotganidan, xalqaro hamkorlik samarasidan katta taassurot olishdi.

Sherzod Tilovberdiyev,

veb-muharrir

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech