A- A A+

Tadbirlar

Barcha shodlik senga bo’lsin bolajon

on .

1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi hamda kombinat Yoshlar ittifoqi hamkorligida “Men onam bilan faxrlanaman” shiori ostida bir qator tadbirlar o’tkazildi.

Jumladan, bayram munosabati bilan Ijtimoiy obektlar boshqarmasi tasarrufidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida erta tongdanoq bolajonlarni turli xil ertak qahramonlari kutib olishdi.

Shuningdek, “Bolajon” istirohat bogʻida onalar va bolalar  tomonidan yasalgan qoʻl mehnati namunalari koʻrgazmasi tashkil etildi.

“Men onam bilan faxrlanaman” koʻrik-tanlovi  gʻoliblari esdalik sovgʻalari bilan ragʻbatlantirildi.

“Bolajon” istirohat bogʻida Oʻzbekiston davlat san’at va madaniyat institutining  Qoʻgʻirchoq teatri san’ati kafedrasining qoʻgʻirchoq teatri aktyorligi 4-bosqich talabalari tomonidan Vladimir Orlov pesasi asosidagi “Oltin joʻja” diplom spektakli namoyishi ham bolajonlarda katta taassurot qoldirdi.

OKMK Markaziy tahlil laboratoriyasi mehnat jamoasi tomonidan tayyorlangan “Quvnoq kimyogar” koʻrgazmasidagi turli xil moddalarning kimyoviy reaksiyasi bolajonlarni hayratlantirdi.

“Bolajon” bogʻida tashkil etilgan bayram tantanalari davomida kelajagimiz vorislariga turli xil attraktsionlar bepul xizmat ko’rsatishdi.

Bundan tashqari, Ijtimoiy obektlar boshqarmasi kasaba uyushmasi qoʻmitasi tomonidan 25 nafar koʻp bolali va kam ta’minlangan ishchi-xodimlarning  farzandlariga bayram sovgʻasi sifatida oʻquv qurollari jamlanmasi tuhfa etildi.

Shuningdek, bayram munosabati bilan bir qator kombinat korxonalariga oʻzlariga biriktirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlariga gʻamxoʻrlik koʻrsatishdi.

Xususan,  Sanoat temir yoʻl transporti boshqarmasi mas’ullari oʻz otaligʻidagi 22-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotiga tashrif buyurib, bolajonlarga  samimiy tilaklar bildirishib, bayram sovgʻalari ulashishdi.

Mis eritish zavodi mehnat jamoasi mas’ullari ham oʻzlariga biriktirilgan 28-MTTda tashkil etilgan “Xayr bogʻcha, salom maktab” tadbirida ishtirok etishib, bolajonlarga oʻquv qurollaridan iborat bayram sovgʻalarini topshirishdi. 

Shuningdek, Boʻka tumanidagi 15-sonli “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari uchun  OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan quvnoq startlar sport musobaqasi tashkil etilib, unda bolajonlar oʻz chaqqonliklarini namoyon etishdi. Musobaqa ishtirokchilariga bayram sovgʻalari ham taqdim etildi.

 OKMK Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech