A- A A+

Yangiliklar

Olmaliqda raqamli geologiya markazi ish boshladi

on .

Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning Olmaliq shahridagi filialida Rossiyaning “Giprosvetmet” aksiyadorlik jamiyatining ilmiy-o’quv va loyihalashtirish markazining tantanali ochilish marosimi o’tkazildi.

Unda Rossiyaning tog’-kon muhandisligi va raqamli geologiya sohasida faoliyat yurituvchi bir qator kompaniyalari vakillari, mamlakatimiz kon-metallurgiya korxonalarining yetakchi mutaxassislari, profsessor-o’qituvchilar va talabalar ishtirok etdi.

Mehmonlar “GGIS GEOMIKS” raqamli dasturiga ixtisoslashtirilgan maxsus o’quv-trening xonalarida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Mazkur loyihaning asosiy maqsadlaridan biri mamlakatimizning raqamli iqtisodiyotga o’tishini jadal rivojlantirish, milliy iqtisodiyot tarmoqlarining raqobatbardoshligini oshirish va konchilik sohasida raqamli texnologiyalarni keng tatbiq qilishdir. Buning natijasida sohada zamonaviy bilimlarni egallagan malakali mutaxassislar bazasi ham yaratiladi.

Tadbir doirasida tashkil etilgan matbuot anjumanida mutaxassislar tomonidan markaz faoliyati, sohaga oid yangiliklar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Xususan, endilikda bu yerda filial professor-o’qituvchilari va talabalar rossiyalik mutaxassislar tomonidan “GGIS GEOMIKS” dasturida ishlab, kon-metallurgiya, geologiya sohasida tajribasini oshiradi. Ushbu dasturi hozirgi kunda raqamli geologiya yo’nalishidagi eng so’nggi tajribalarni o’zida jamlagan bo’lib, mamlakatimizning kon zaxiralari, belgilangan yer maydon va karyerlarning 3D modellarini yaratadi. Natijada konchilik ishlarini rejalashtirishda katta samaradorlikka erishish imkoniyati yaratiladi. Shu orqali sohaga oid ilmiy-tadqiqotlarga oid ma’lumotlarni tezkor ravishda tahlil qilishga erishiladi.

— Ushbu markazda ta’lim muassasasi talabalarini bilimini oshirish bilan birga, yetakchi korxonalarning tog’ injenerlari malakasini oshirish ham rejalashtirilgan, — deydi Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning Olmaliq shahridagi filiali direktori o’rinbosari O’tkir Xaliqulov. — Bundan tashqari, sohada faoliyat yuritayotgan xorijdagi ko’plab kompaniyalar bilan hamkorlik qilyapmiz. Kelgusida konchilik-geologiya sohalaridagi tadqiqotlarni olib borish uchun yangi laboratoriyalarni tashkil qilishni rejalashtirganmiz. Bu bo’yicha hamkorlarimiz bilan o’zaro memorandumlar imzolangan.

Tadbir davomida mehmonlar filial faoliyati bilan tanishdi.

Manba: hudud.uz

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech