A- A A+

Yangiliklar

Xondiza koni tarixidan

on .

Mamlakatimizning janubidagi Surxon vohasida joylashgan Xondiza kon boshqarmasi bundan 10 yil avval, aniqrog’i 2011 yilning 6 may kuni kombinat tarkibida rasman o’z faoliyatini boshlagan edi. OKMK Axborot xizmati jamoasi mazkur kon boshqarmasining tashkil topganligiga 10 yilligi munosabati bilan Surxon vohasiga ijodiy safar uyushtirdi. Safar davomida kon boshqarmasi va uning tarkibiy bo’linmalari faoliyati haqida turkum maqolalar tayyorlandi. Marhamat bugun kon boshqarmasining tarixi haqida tanishing.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 10 avgustdagi PQ-442-sonli "Xondiza va Uch-qulochning Poli-metall rudalari mineral-xomashyo bazasidan samarali foydalanish to’g’risida"gi qarori bilan Xondiza konini rivojlantirish tarixi boshlandi.

"Olmaliq KMK" AJning ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni ko’paytirish asosida Xondiza va Uch-quloch polimetall rudalari mineral-xomashyo bazasidan samarali, oqilona va kompleks foydalanishni ta’minlash maqsadida O’zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va "Olmaliq KMK" AJ tomonidan yiliga 650 ming tonna rudani ishlab chiqarish va qayta ishlash quvvatiga ega bo’lgan Xandiza polimetall rudalari zaxirasi asosida boyitish fabrikasini qurish, 2009 yilning ikkinchi yarmida sanoat ishlab chiqarishni tashkil etish to’g’risidagi taklif qabul qilindi.

Bevosita kon tarixiga nazar tashlaydigan bo’lsak, Xondiza konining polimetal rudalarini o’rganish sobiq ittifoq davrida 1961 yildan 1974 yilgacha amalga oshirilgan. Boyitish va boyitish texnologiyasini ishlab chiqish uchun ma’danlarni tadqiq qilish 1970-2002 yillar davomida bir qator  institutlar tomonidan amalga oshirildi.

Jumladan, 1970-71 yillarda “Sredazniprotsvetmet” instituti tomonidan, 1971 yilda TSNIGRI tomonidan, 1972 yilda “SAYGIMS”, 1974 yilda TSNIGRI, Vniitsvetmet, SAYGIMS institutlari tomonidan tadqiqot ishlari o’tkazildi. 1974 yilda Vniitsvetvetmet tajriba fabrikasida yarim sanoat sinovlari o’tkazildi va boyitish texnologiyasi ishlab chiqildi.

O’zbekiston Davlat Geologiya qo’mitasi ekspertlari tomonidan Surxondaryo viloyatidagi Xondiza koni polimetall ombori deb atashadi. Uning umumiy zaxiralari 1,5 million tonna rux, 700 ming tonna qo’rg’oshin, 180 ming tonna mis va 2,3 ming tonna kumushni tashkil etishi aniqlangan.

"Marakand Mineralls" kompaniyasi sobiq ittifoq tashkilotlari tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida yarim sanoat sinovlarining texnologik ko’rsatkichlaridan foydalangan holda (Vniitsvetmet) Xondiza – texnik iqtisodiy asoslari loyihasini amalga oshirdi. 1997 yilda "Leykfild Riserch" (Kanada) kompaniyasi rudaning o’rtacha namuna kompleks tadqiqot ishlarini amalga oshirdi. Ikkala tashkilotning tadqiqot loyihalarini taqqoslaganda rudani boyitishning yuqori texnologik ko’rsatkichlari qayd etildi.

2006 yilning avgust oyida ushbu polimetall konini tadqiq qilish huquqi "OKMK" OAJga topshirildi. Hukumat qaroriga ko’ra, kon to’liq kombinat tomonidan qayta ishlanishi belgilandi. 2007 yilning ikkinchi yarmida kombinat tomonidan konni o’zlashtirish ishlari boshlab yuborildi.

Loyihaning texnik iqtisodiy asosi Rossiyaning "Mexanobr injiniring" ZAO instituti (Sankt-Peterburg) ishtirokida tayyorlangan. Institut mutaxassislari loyihaning ishchi hujjatlarini ishlab chiqishdi.

O’tgan qisqa vaqt mobaynida dastlab kon boshqarmasiga xizmat qiluvchi avtomobil transport boshqarmasining 5-avtokorxonasi faoliyati yo’lga qo’yildi. Shundan so’ng, boyitish fabrikasi qad rostladi.

Hozirgi kunda Xondiza kon boshqarmasi tarkibida Xondiza shaxtasi, boyitish fabrikasi, ta’mir-qurilish uchastkasi, moddiy texnik baza kabi tarkibiy bo’linmalarga ega.

Bular haqida keyingi maqolalarimizda tanishtirib o’tamiz.

Sherzod Tilovberdiyev,

Olmaliq-Surxondaryo-Olmaliq

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech