A- A A+

Yangiliklar

Xondiza shaxtasida bir kun

on .

Ijodiy safarimiz davomida (avval OKMK Axborot xizmati jamoasi Xondiza kon boshqarmasiga ijodiy safar uyushtirgani haqida ma’lumot berilgan edi) Xondiza kon boshqarmasining Xondiza shaxtasi faoliyati haqida maqola tayyorlash maqsadida yerosti koniga tushdik. Dengiz sathidan 1300 metr balandlikda, yerdan 40 metr vertikal pastlikda yerosti koniga kirib borar ekanmiz, bu yerdagi qizg’in mehnat jarayoniga, har bir gorizontda o’zi ortib, eltuvchi samosvallarning tarkibida qimmatbaho ma’danlar bor rudalarni navbatma-navbat tashishiga guvoh bo’ldik.

Mazkur shaxta dastlab, Kovuldi konining uchastkasi bo’lib, bu yerda dastlab Kovuldi koni ishchilari mehnat qilishgan. Kovuldi koni ishchilari tomonidan o’ziga xos konchilik maktabi yaratilib, mahalliy aholiga kasb sir-asrorlari o’rgatilgan. 2009 yilga kelib shaxtadagi ishchilarning asosini mahalliy aholi tashkil eta boshlagan.

Shaxta boshlig’i Bunyod Jo’raevning ma’lum qilishicha, 2021 yilning 1-choragida konchilar yuqori mehnat samaradorligiga erishishgan. Jumladan, kon-tayyorlov ishlari bashorat ko’rsatkichi bo’yicha 310 pm. belgilangan bo’lsa, amalda bu ko’rsatkich  398 pm.ni tashkil etgan. 165 pm. kon-qidiruv ishlari rejalashtirilgan bo’lib, amalda 314 pm. ish bajarilgan. Reja bo’yicha 215 pm. kesuv ishlari belgilangan bo’lib, amalda 401 pm.ga uddalangan. Tozalash ishlari bo’yicha 39415 m. kublik natija qayd etilib, reja 103,9%ga bajarilgan. 51567 m.kub tog’ jinsi qazib olinib, reja 113,8%ga ado etilgan. 148057 tonna ruda qazib olinib, reja 100%ga uddalangan.

Xondiza shaxtasi kompressor stansiyasiga Koreya davlatidan SM4100 turbo kompressori olib kelindi. Ushbu uskuna Xondiza shaxtasi yer osti kon ishlari uchastkasini pnevmatik uskunalari ishlashi uchun siqilgan havo bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Energotejamkorligi bilan ham o’z o’rniga ega. Kombinat tarkibidagi yer osti konlaridan Xondiza shaxtasi tubdan farq qiladi. Ushbu konda tog’ jinsi yuqori mustahkamlikka ega bo’lib, foydali qazilmalarni katta yuzalarida kon-tayyorlov ishlarini olib borishda qulaylikka egaligi bilan ajralib turadi. Boshqa konlarda foydali qazilmalarning joylashuvi linzasimon bo’lsa, ushbu konda qalinligi bilan ajralib turadi. Shuningdek, bu yerda gorizontlar keng bo’lganligi uchun qazib olingan rudalar avtosamosvallarda tashiladi. Hozirgi kunda kon tayyorlov ishlari gorizont bo’yicha 1200 m.gacha yetib borilgan. Loyiha bo’yicha esa 800 m. belgilangan. Bu yo’nalishda ham konchilar oldinda borishmoqda. Bu ishlarga parallel ravishda hozirda 1320-, 1310-, 1300- gorizontlarda tozalash ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, 1290- va 1280- gorizontlarda esa kon tayyorlov va kesish ishlari amalga oshirilmoqda.

Ayni kunlarda shaxta texnoparkida 42ta texnika vositalari mavjud bo’lib, ulardan 15ta PDM, 13ta samosval, 10ta burg’ulash uskunalari va 4ta yordamchi texnikalardir.

Har qanday mehnat jamoasidagi erishilgan yutuqlarda tajribali ishchi-xodimlar muhim rolь o’ynashi bor gap. Shaxta boshlig’ining o’rinbosari Jaloliddin Tohirov, shaxta bosh geologi Tojidin Temirov, uchastka geologlari Jamshid Rahimov, Baxtiyor Bobonazarov, bosh marksheyder Behbar Rahimov, shaxta marksheyderi Bobur Xolmirzayev, uchastka marksheyderi Husniddin Omonov, PDM mashinisti Hurshid Allayev, lahm o’tuvchi Zafar Murodovlarning erishilayotgan yutuqlarda  munosib hissasi bor.

Shuningdek, Xondiza KB Yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan shaxtada tashkil etilgan “Yosh lahm o’tuvchi” jamoasining ham konchilar yutug’ida munosib hissasi bor. Anes Maxmatqulov, Hikmatillo Xurramov,Nurbek Murotov, Shavkatullo Murotov, Rahmatullo Hakimov, Husniddin Mengliyev, Ismoil Majidov kabi shijoatli yoshlar belgilangan vazifalarni ado etishda tengqurlariga namuna ko’rsatishmoqda.

Shaxta geologlari tomonidan yerosti foydali qazilmalarini sifatli qazib olish va ularni kengaytirish, ma’dan qazib olishdan boshlab mahsulotgacha bo’lgan jarayonni kuzatib borish, kon rejalashtirish ishlarini olib borishda ishtirok etish, qazib olish jarayonini geologik o’rganish, foydali qazilmalarning zahirasini kengaytirish va ko’paytirish, amalga oshirilgan geologik ishlarni hisobini yuritish kabi vazifalar samarali bajarib kelinayapti.

SimbaK-102 burg’ulash uskunasi mashinisti Shavkat Shoyimov va uning yordamchisi Anvar Nazarovlar 1 kunda o’rtacha 100-120 metr burg’ulash ishlarini olib borishadi. Bunda ularga zamonaviy, to’liq kompyuterlashtirilgan, energotejamkor SimbaK-102 burg’ulash uskunasi yordam beradi. Shvetsiya davlatidan ishlab chiqarilgan ushbu uskuna yordamida burg’ulovchilar portlatish ishlari uchun shpurlar tayyorlashadi. Aniq o’lchamlar asosida chizilgan chizmaga ko’ra, ish olib boriladi. Zamonaviy uskuna millimetrga ham xato qilmasligi bilan ahamiyatli. Bu kabi kon texnika vositalarining va ularga zarur bo’lgan ehtiyot qismlarning o’z vaqtida yetkazib berilishi evaziga yuqori mehnat samaradorligi qayd etilmoqda.

Ruda qazib olish yillik loyiha quvvati 650 ming tonna bo’lgan Xandiza shaxtasida kechayotgan qizg’in texnologik ishlab chiqarish jarayonini kuzatar ekanmiz, shaxtada mehnat qilayotgan lahm o’tuvchilar, burg’ulash uskunasi mashinistlari, portlatuvchilar, PDM mashinistlari kabi kasb egalarining mehnati naqadar zaxmatli ekanligini his etdik. Navbatdagi manzilimiz Xonjiza boyitish fabrikasi.

Sherzod Tilovberdiyev,

Olmaliq-Surxondaryo-Olmaliq

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech